2026-yilning 24-26-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli «Central Asian Endourology Congress 2026» xalqaro anjumani urologiya sohasining zamonaviy yutuqlari va kelajakdagi istiqbollarini muhokama qilish uchun Markaziy Osiyodagi eng yirik maydonlardan biriga aylandi. Ushbu nufuzli tadbirda Toshkent davlat tibbiyot universiteti urologiya kafedrasi jamoasi o‘zining ilmiy salohiyati va boy tajribasi bilan faol ishtirok etib, o‘zbek urologiya maktabining nufuzini yana bir bor xalqaro miqyosda namoyon etdi.
Anjuman davomida kafedramizning yetuk olimlari, professor Akilov F.A., Muxtarov Sh.T., Giyasov Sh.I. va Nosirov F.R. kongressning bir necha muhim ilmiy seksiyalarida raislik qildilar. Professorlarimizning moderatorlik faoliyati davomida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mutaxassislar o‘rtasida qizg‘in ilmiy bahs-munozaralar olib borildi hamda endourologiyaning dolzarb muammolariga innovatsion yechimlar taklif etildi. Bunday yuqori darajadagi ishtirok kafedramizning nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqaviy miqyosda ham yetakchi ilmiy markaz ekanligini tasdiqlaydi.
Kongressning eng quvonarli voqeasi esa yosh urologlar o‘rtasidagi ilmiy bellashuvda qayd etildi. Kafedramiz bitiruvchisi Jahongir Shodmonov o‘zining yuqori texnologik va chuqur tahlilga asoslangan taqdimoti bilan barcha ishtirokchilar va hakamlar hay’atida katta taassurot qoldirdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Jahongir Shodmonov «Eng yaxshi yosh urolog» nominatsiyasi bo‘yicha mutloq g‘olib deb topildi va Buyuk Britaniyaning dunyoga mashhur Kembridj (Cambridge) universitetida o‘tkaziladigan nufuzli malaka oshirish kursiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Bu kabi yutuqlar kafedramizda tahsil olayotgan magistrlar va klinik ordinatorlar uchun haqiqiy motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qiladi. Yosh mutaxassisning xalqaro maydondagi muvaffaqiyati kafedradagi ustoz-shogird an’analarining naqadar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligini va yoshlarimiz uchun jahon tibbiyoti eshiklari har doim ochiq ekanligini yana bir bor isbotladi. Ushbu zafarli ishtirok urologiya sohasini yangi bosqichga olib chiqishda kafedramiz xodimlarining qo‘shayotgan hissasini yorqin ifodalaydi.