O‘zaro hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida Akademik litsey o‘quvchilari uchun Toshkent davlat tibbiyot universiteti Urologiya kafedrasida keng qamrovli ekskursiya tashkil etildi. Bu galgi uchrashuv o‘quvchilar uchun haqiqiy klinik hayot nafasini his qilish va shifoxona muhiti bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Ekskursiya davomida yoshlar kafedraning o‘quv xonalari, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar va dars jarayonlarining tashkil etilishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Ularga bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazish jarayonlarining o‘ziga xos jihatlari, tashxis qo‘yishda zamonaviy tibbiy texnikalarning o‘rni hamda urologiya sohasidagi dori-darmonlar va instrumental muolajalar haqida qiziqarli va sodda tilda so‘zlab berildi. ​O‘quvchilarda, ayniqsa, kafedraning texnik imkoniyatlari va operatsiya bloklaridagi murakkab jihozlar katta taassurot qoldirdi. Tajribali pedagoglar ularga urologiyada qo‘llaniladigan endoskopik va laporoskopik uskunalar bilan tanishtirib, qanday qilib tig‘siz, kam invaziv usullar yordamida murakkab operatsiyalar bajarilishi haqida tushunchalar berishdi. Ekskursiya shunchaki kuzatish bilan cheklanib qolmay, ochiq muloqot tarzida davom etdi; unda o‘quvchilar oliygohdagi ta’lim jarayoni, ilmiy to‘garaklar faoliyati va kelajakda yetuk jarroh bo‘lib yetishish sirlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob topishdi. Ushbu tashrif o‘quvchilarning tibbiyotga bo‘lgan mehri va qiziqishini yanada orttirib, ularni kelajakda o‘z sohasining haqiqiy ustalari bo‘lish yo‘lidagi maqsadlarini yanada mustahkamladi. Kafedramiz ilmga chanqoq bunday yoshlarni hamisha qo‘llab-quvvatlashga va ularga yo‘l ko‘rsatishga tayyor.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.